26-noyabr kuni Turkmaniston Davlat bojxona xizmati raisi Maksat Hudaykuliyev boshchiligidagi delegatsiya Dohaga amalga oshirgan xizmat safari doirasida Qatar mamlakatining yirik transport-logistika obyektlariga tashrif buyurdi.
Safar davomida turkman delegatsiyasi Hamad dengiz porti, Janubiy portlar bojxona boshqarmasi va Hamad xalqaro aeroportida bo‘lib, ushbu majmualar faoliyatining tashkil etilishi bilan tanishdi. Bu haqda Turkmaniston Davlat bojxona xizmati matbuot bo‘limi xabar berdi.
Uchrashuvlarda qatarli hamkorlar bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish, xalqaro yuklarni rasmiylashtirish, zamonaviy nazorat usullaridan foydalanish va bojxona tizimiga yangi texnologiyalarni joriy etish haqida ma’lumot berdilar. Shuningdek, ular dengiz va havo transportida bojxona nazorati samaradorligini oshirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tashrif doirasida Turkmaniston va Qatar vakillari bojxona sohasida tajriba almashish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash hamda ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvlar xalqaro transport yo‘laklarining samarali ishlashini ta’minlashda bojxona xizmatlarining rolini kuchaytirish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.