
«Turkman Energy Forum» (TEF) kompaniyasi vakillari 2026-yil 9–12-fevral kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tgan «International Energy Week» va «London Energy Forum» tadbirlari doirasida xalqaro kompaniyalar va investorlarni Turkmanistonning energetika loyihalari bilan tanishtirdi. Bu haqda «Turkman Energy Forum» kompaniyasi xabar berdi.
Ishtirokchilarga «Galkinish» gaz konini o‘zlashtirish, Kaspiy dengizining Turkmaniston qismidagi loyihalar, gazni qayta ishlash, neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish hamda yo‘ldosh gazdan samarali foydalanish bo‘yicha rejalar taqdim etildi. Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha tashabbuslar, jumladan, «Oltin Asir» turkman ko‘li yaqinida qurilishi rejalashtirilgan gibrid quyosh-shamol elektr stansiyasi loyihasi alohida qayd etildi.
Mintaqaviy infratuzilmaga ham alohida e’tibor qaratildi. Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston (TAPI) gaz quvuri loyihasi bo‘yicha erishilgan natijalar, jumladan, Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish yo‘nalishi sifatida qaralayotgan Serhetabat – Hirot qismining qurilishi tanishtirildi.
Xabarda ta’kidlanganidek, Turkmaniston delegatsiyasi metan chiqindilarini kamaytirish va yo‘ldosh gazlarning yonishini pasaytirishga qaratilgan ekologik tashabbuslarni ham taklif qildi.
Turkmaniston Londondagi tadbirlar ishtirokchilarini shu yil davomida Ashxobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro energetika tadbirlarida qatnashishga taklif etdi.
Keywords