Turkmaniston delegatsiyasi Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi «C5+1» ko‘p tomonlama hamkorligi doirasida o‘tkazilayotgan raqamli innovatsiyalar bo‘yicha forumda ishtirok etmoqda.
Turkmaniston aloqa vazirining o‘rinbosari Y. Gulmammedov boshchiligidagi delegatsiya raqamli innovatsiyalarni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarning iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasi hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda qatnashmoqda.
Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, forumda Markaziy Osiyo davlatlari va AQShning tegishli davlat idoralari rahbarlari va vakillari, shuningdek, DFC, CRDF Global, CIPE va CLDP kabi hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirda xususiy sektor va xalqaro ekspertlar hamjamiyati vakillari ham faol qatnashib, zamonaviy texnologik yechimlar va o‘z tajribalarini taqdim etmoqda. Ular qatorida «Meta», «Oracle», «Honeywell Technologies», «Wabtec», «McKinsey», «EPAM», «Plug and Play» va «Alchemist Accelerator» kabi kompaniya va tashkilotlar vakillari bor.
Forum davomida ilg‘or texnologiyalarning xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlash, iqtisodiyotni raqamlashtirish, sun’iy intellektni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, ushbu sohalarda davlatlar va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.
29-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan forumning ochilish marosimida Turkmaniston delegatsiyasi mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarish va boshqa sohalarga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Turkmaniston tomonining chiqishida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslar va erishilgan natijalarga e’tibor qaratilib, raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari ham qayd etildi.
Forum doirasida raqamli innovatsiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashish davom ettiriladi.
«C5+1» formatidagi tadbir Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasida raqamli innovatsiyalar, texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalarida tajriba almashish hamda hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qilish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.