2026-yil 25–27-noyabr kunlari Marokash Qirolligining Essaouira shahrida YUNESKO Ijodiy shaharlar tarmog‘ining 18-yillik konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Ashxobod shahar hokimligi vakillaridan tashkil topgan Turkmaniston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

«Shaharlarning barqaror va inklyuziv rivojlanishi uchun madaniy innovatsiyalar» shiori ostida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya 53 mamlakatdan 123 ta shahar vakillarini, shuningdek, madaniyat, ijodiy industriyalar va shaharsozlik sohasi mutaxassislarini bir joyga jamlamoqda.

YUNESKOning Ijodiy shaharlar tarmog‘i 2004-yilda madaniyat va ijodkorlikni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim harakatlantiruvchi kuchi sifatida rivojlantirish hamda shaharlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu tarmoq dunyoning 400 dan ortiq shahrini arxitektura, hunarmandchilik va xalq amaliy-bezak san’ati, dizayn, kino, gastronomiya, adabiyot, media san’ati va musiqa kabi sakkiz yo‘nalish bo‘yicha birlashtiradi.

Konferensiya davomida madaniyatning shaharlar barqaror rivojlanishidagi rolini kuchaytirish, ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirish, shaharsozlik sohasiga innovatsion yechimlarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Tadbir dasturidan yalpi va mavzuli majlislar, shahar hokimlari forumi, ijodiy shaharlar ko‘rgazmasi hamda madaniy tadbirlar o‘rin olgan.

Shuningdek, uchrashuvlarda madaniy merosni asrab-avaylash, ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning kasbiy rivojlanishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish va shahar aholisi turmush sharoitlarini yaxshilashda madaniy salohiyatdan foydalanish kabi yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda.

Konferensiya doirasida YUNESKO Ijodiy shaharlar tarmog‘ining «Dizayn» yo‘nalishidagi a’zo shaharlari forumi ham bo‘lib o‘tdi. Unda shahar dizaynining zamonaviy tendensiyalari, shahar muhitini rivojlantirishdagi innovatsion yondashuvlar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Ashxobod shahri 2023-yil 31-oktabrda, Butunjahon shaharlar kunida, YUNESKO Ijodiy shaharlar tarmog‘iga «Dizayn» yo‘nalishi bo‘yicha rasman qabul qilingan. Ushbu maqom poytaxtning ijodiy salohiyati, milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy shaharsozlik yechimlarining uyg‘unligi xalqaro miqyosda e’tirof etilganini anglatadi.

Turkmaniston delegatsiyasining konferensiyada ishtirok etishi xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tajribani o‘rganish hamda Turkmanistonning arxitektura, dizayn va shaharlarning barqaror rivojlanishi sohalaridagi yutuqlarini jahon hamjamiyatiga tanishtirish imkonini berýär.