«Avaza» milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining yig‘ilishida Turkmaniston Mejlisiga tashkilotda rasmiy kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yig‘ilish arafasida «Berkarar» mehmonxonasida MDH Parlamentlararo Assambleyasining Siyosiy masalalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha hamda Huquqiy masalalar bo‘yicha doimiy komissiyalarining majlislari o‘tkazildi. Shundan so‘ng «Avaza» majmuasining Kichik majlislar zalida Assambleya Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida Turkmaniston Mejlisining vakillari MDH Parlamentlararo Assambleyasining turli darajadagi majlislari va tadbirlarida muntazam ishtirok etib kelayotgani tomonlar o‘rtasida o‘zaro tushunish va ishonchning mustahkam poydevorini yaratgani ta’kidlandi. To‘plangan tajriba va parlamentlararo aloqalarning bugungi darajasi Turkmaniston Mejlisining Assambleyada rasmiy kuzatuvchi maqomini olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratgani qayd etildi.
Ishtirokchilar ushbu masala yuzasidan bildirilgan fikrlarni tinglab, ovoz berish jarayonida Turkmaniston Mejlisiga kuzatuvchi maqomini berish taklifini qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa, tegishli qaror qabul qilindi.
Mazkur qaror Turkmanistonning tashqi siyosiy yo‘nalishi, doimiy betaraflik huquqiy maqomi hamda MDH doirasida olib borayotgan parlamentlararo hamkorlik faoliyatiga mos keladi. 1992-yilda tashkil etilgan MDH Parlamentlararo Assambleyasida Turkmaniston Mejlisining kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, milliy qonunchilik faoliyatida xalqaro va mintaqaviy tajribani o‘rganish, shuningdek, umumiy manfaatlarga daxldor masalalar bo‘yicha parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Yig‘ilish davomida MDH Parlamentlararo Assambleyasi tashkil etilganining 35 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish, tashkilotning 2027-yilga mo‘ljallangan ish rejasini belgilash va boshqa masalalar yuzasidan ham ma’ruzalar tinglandi. Muhokamalar yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.