Turkmaniston Ozarbayjonning Shusha shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining (IHT) «Shusha — 2026-yil turizm poytaxti» dasturining yakuniy marosimi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada o‘zining milliy turizm salohiyatini namoyish etdi. Bu haqda Ozarbayjon Davlat turizm agentligi xabar berdi.
Tadbirda Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston delegatsiyalari ishtirok etdi. Ko‘rgazmada qatnashgan har bir mamlakat o‘z milliy stendini taqdim etib, unda turizm imkoniyatlari, madaniy merosi hamda ushbu sohani rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Yakuniy marosim davomida Shusha shahrida yil mobaynida IHTning Turizm poytaxti dasturi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar natijalari ham taqdim etildi. Dastur yakunlanishi munosabati bilan tashkilotning 2027-yilgi turizm poytaxti maqomi Pokistonning Lahor shahriga berildi.
Shusha shahriga 2026-yil uchun IHT turizm poytaxti maqomi tashkilotga a’zo davlatlar turizm vazirlarining 2023-yilda bo‘lib o‘tgan beshinchi uchrashuvi yakunlariga ko‘ra berilgan edi. Dasturning rasmiy ochilish marosimi esa 2026-yil 27-aprel kuni o‘tkazildi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.