
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Noqirguli Ataguliyev juma kuni raqamli tizim orqali o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida Serbiya Respublikasining Belgrad shahrida bo‘lib o‘tadigan “EKSPO — 2027” Butunjahon ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasida Turkmanistonning yuqori darajada ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.
Turkmaniston rasmiy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, “Insoniyat uchun o‘yin: barcha uchun sport va muzika” mavzusida o‘tkaziladigan ko‘rgazmaga tayyorgarlik doirasida mamlakat milliy pavilyonining qurilish-montaj, jihozlash va bezash ishlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Vitse-premyer ushbu ko‘rgazmada davlatimiz “Turkmaniston — tinchlik navosi, salomatlik makoni” shiori ostida ishtirok etishini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan, Noqirguli Ataguliyev Turkmaniston Prezidenti ko‘rib chiqishi uchun tegishli taklifni o‘rtaga tashladi.
Davlat rahbari Serdar Berdimuhamedov hisobotni tinglab, mamlakat yirik xalqaro tadbirlarda muntazam ishtirok etayotganini ta’kidladi. “Bu dunyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi”, dedi Turkmaniston Prezidenti va tayyorlangan takliflarni ma’qullab, vitse-premyerga tegishli ishlarni amalga oshirishni topshirdi.
Keywords