2026-yil 17-noyabr kuni Polshada to‘qimachilik va yengil sanoat sohalariga bag‘ishlangan FAST TEXTILE 2026 xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Tadbir doirasida Turkmaniston to‘qimachilik sanoatining milliy pavilyoni ham ochildi. Bu haqda «Turkmen Expo» kompaniyasi xabar berdi.
Turkmaniston milliy pavilyoni 19-noyabrga qadar Lodz shahri yaqinidagi Jguv shahrida joylashgan Ptak Expo ko‘rgazma markazida faoliyat yuritadi. Ko‘rgazmadagi ishtirok «Turkmen Expo» kompaniyasi tomonidan tadbirning rasmiy hamkori sifatida tashkil etildi.
Milliy pavilyonda mamlakatning yetakchi to‘qimachilik korxonalari va ishlab chiqarish majmualari mahsulotlari namoyish etilmoqda. Yevropalik xaridorlar hamda ko‘rgazma ishtirokchilariga turkman to‘qimachilik sanoatining turli mahsulotlari, jumladan, paxta ip-kalavasi, gazlamalar, tayyor kiyim-kechaklar va uy to‘qimachilik buyumlari taqdim etilmoqda.
FAST TEXTILE Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yengil sanoat sohasining muhim xalqaro maydonlaridan biri hisoblanadi. Ushbu ko‘rgazma ishlab chiqaruvchilar, xomashyo yetkazib beruvchilar, xalqaro brendlar, distribyutorlar va yirik ulgurji xaridorlarni bir joyga jamlaydi. O‘tgan yillardagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, tadbirda yuzlab kompaniyalar ishtirok etadi va 40 mamlakatdan 14 ming 600 nafardan ortiq soha mutaxassisi tashrif buyuradi.
Uch kun davom etadigan ko‘rgazma davomida turkman korxonalari vakillari xorijiy hamkorlar bilan bevosita B2B muzokaralarini o‘tkazadilar. Uchrashuvlarda korxonalarning eksport salohiyatini namoyish etish, turkman to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish hamda tegishli shartnomalarni tuzish masalalari muhokama qilinadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.