Ashxobod shahrida o‘tkazilayotgan «Xalqaro transport-tranzit yo‘laklari: o‘zaro bog‘liqlik va taraqqiyot — 2026» xalqaro konferensiyasi va ko‘rgazmasi doirasida Turkmanistonning transport tuzilmalari hamda xorijiy kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolandi.
Poytaxtdagi Savdo-sanoat palatasida tashkil etilgan xalqaro forum transport va logistika sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tranzit yo‘laklari imkoniyatlarini kengaytirish hamda yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Tadbirda 300 dan ortiq xalqaro tashkilot va yirik kompaniyalar nomidan qatnashayotgan qariyb 600 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda.
Forum doirasida Turkmanistonning tegishli vazirliklari va tarmoq boshqaruv idoralari rahbarlari xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdilar. Ularda transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, dengiz transporti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, portlar faoliyatini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Imzolangan hujjatlar orasida Turkmanboshi xalqaro dengiz porti, «Dengiz savdo floti» yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati hamda Turkiyaning «USS Denizcilik ve Lojistik Tic. ve San. Ltd. Şti.» kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan o‘zaro anglashuv memorandumi alohida o‘rin tutadi. Ushbu hujjat portlarni rivojlantirish, logistika, flotdan foydalanish va kemalarni ta’mirlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Shuningdek, «Turkmenistan» aviakompaniyasi» ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati va Koreya Respublikasining «JS International Korea» kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun asos yaratadi.
Xalqaro konferensiya va ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan uchrashuvlar transport sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish, o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qilish hamda xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga sharoit yaratdi.
Imzolangan kelishuvlar Turkmanistonning transport va logistika sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, dengiz porti va savdo floti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, mamlakat tranzit transport yo‘laklarining ahamiyatini oshirishga qaratilgan ishlarni davom ettirayotganini ko‘rsatadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.