Turkmanistonda aholining zamonaviy aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish hamda mamlakatdagi barcha aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi asosiy vazifalardan biri 4G va 5G mobil aloqa texnologiyalarini keng joriy etishdan iborat.
Turkmaniston Aloqa vaziri Hajimyrat Hudayguliyevning ta’kidlashicha, mamlakatning eng chekka aholi punktlarini ham qamrab olgan holda, barcha hududlarda 4G va 5G standartlariga mos aloqa xizmatlarini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan. Vazir bu haqda 24–26-noyabr kunlari Ashxobodda o‘tkazilayotgan «Türkmentel — 2026» xalqaro ko‘rgazmasi va ilmiy konferensiyasining ochilish marosimida ma’lum qildi.
Zamonaviy aloqa texnologiyalarining butun mamlakat bo‘ylab ommalashishi poytaxt va viloyatlar o‘rtasidagi raqamli tafovutni kamaytirish, aholining internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan transport-kommunikatsiya, internet va mobil aloqa tizimlarini texnik jihatdan modernizatsiya qilish hamda ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xalqaro tenderlar o‘tkazilmoqda.
Mamlakat ichidagi telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish ishlari xalqaro aloqa tarmoqlarini rivojlantirish bilan uyg‘un ravishda olib borilmoqda. Hozirgi vaqtda Turkmaniston yuqori tezlikdagi DWDM texnologiyasi asosida ishlaydigan sakkizta xalqaro optik tolali aloqa liniyasi orqali qo‘shni davlatlar bilan bog‘langan. Shuningdek, transchegaraviy aloqa tarmoqlarini kengaytirishga qaratilgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Turkmanistonda 5G texnologiyasi ilk bor «aqlli shahar» Arkadagda joriy etildi. Ushbu tizim shahar infratuzilmasini boshqarish, raqamli xizmatlarni rivojlantirish va resurslardan samarali foydalanish uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratadi.
Turkmaniston aloqa sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilagan maqsadlar 4G va 5G texnologiyalari qamrovini kengaytirish, internet sifatini yaxshilash hamda zamonaviy raqamli xizmatlardan aholining foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashni nazarda tutadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.