Turkmaniston Ta’lim vazirligi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Gulnabat Gurdova 10–17-noyabr kunlari AQShning Michigan shtatida o‘tkazilgan xalqaro ta’lim dasturida ishtirok etdi. Tashrif doirasida u ta’lim muassasalarini boshqarishda strategik hamkorlik va rahbarlik tajribasiga bag‘ishlangan o‘quv dasturi orqali o‘zaro tajriba almashdi. Tadbir «Global Ties Detroit» tashkiloti ishtirokida o‘tkazildi. Bu haqda Turkmaniston Ta’lim vazirligining rasmiy sayti xabar beradi.

Xalqaro dastur o‘nta mamlakat oliy o‘quv yurtlari rahbarlari va ta’lim tizimini boshqarish bo‘yicha mutaxassislarini bir joyga jamladi. Unda Turkmaniston vakili bilan bir qatorda O‘zbekiston, Indoneziya, Serbiya, Bolgariya, Meksika, Filippin, Ruanda, Pokiston hamda Papua — Yangi Gvineya vakillari ham qatnashdi.

Ish safari davomida Turkmaniston vakili Michigan davlat universiteti va Lourens texnologiya universitetida bo‘ldi. Oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda universitetlarni boshqarishning zamonaviy usullari, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida bevosita hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Xorijiy tillarni o‘qitish usullari bilan tanishish ham dasturdagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Shu munosabat bilan Ueyn okrugidagi jamoat kollejlari tizimiga tashrif buyurildi. U yerda ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitishning ilg‘or usullari, o‘qituvchilarning kasbiy malakasini muntazam oshirish hamda o‘quv dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha tajribalar o‘rganildi.

Tashrif yakunlari Turkmaniston va xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. O‘zlashtirilgan tajriba Turkmaniston oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini baholashning zamonaviy usullarini joriy etishga, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar uchun tajriba almashish hamda akademik almashinuv dasturlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.