Turkmaniston va Ozarbayjon oʻrtasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi bitim tasdiqlandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlash haqidagi farmonni imzoladi.

Bu haqda Ozarbayjonning “Report” axborot agentligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, bitim kuchga kirgandan soʻng, Ozarbayjon Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi uning qoidalari bajarilishini taʼminlash boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshiradi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga esa zarur ichki davlat protseduralari yakunlanganligi haqida Turkmaniston Hukumatiga xabar berish vazifasi yuklatildi.

Bitim ikki mamlakat oʻrtasida oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha maʼlumot va tajriba almashish, tegishli yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish hamda ushbu sohadagi munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun huquqiy asos yaratadi.

Tegishli hujjat joriy yilning 22-iyun kuni Boku shahrida Turkmaniston va Ozarbayjon vakillari ishtirokida imzolangan edi.

Yangi bitimning tasdiqlanishi ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti bilan bogʻliq yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirishga hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshma ishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.