
Turkmaniston avtomobil yo‘llari vaziri Hangeldi Kerimow O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchisi Ravshanbek Alimov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida avtomobil yo‘llari qurilishi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning muhim masalalari muhokama qilindi.
“Dunyo” axborot agentligining yakshanba kungi xabariga ko‘ra, tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida transport-tranzit koridorlarini rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha ham fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar yo‘l qurilishi sohasida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, infratuzilma loyihalarini raqamli boshqarish, ko‘priklar va transport inshootlarini loyihalash, shuningdek, o‘zaro manfaatli boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tomonlar Ashxobod — Turkmanobod yuqori tezlikdagi avtomobil yo‘lining qurilishi va foydalanishga topshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hamda yuk tashish hajmining oshishiga, shuningdek, xalqaro tranzit yo‘nalishlarining rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro tashriflarni tashkil etish, ekspertlarning ishchi uchrashuvlarini o‘tkazish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Keywords