Yaponiyaning Turkmanistondagi elchisi Xirosi Sasaki Ashxoboddagi diplomatik faoliyat muddati yakunlanishi munosabati bilan e’lon qilgan xayrlashuv murojaatida turkman xalqining Yaponiyaga bo‘lgan qiziqishi va samimiy munosabatini alohida ta’kidladi. Bu haqda «Turkmenportal» nashri Yaponiya diplomatik vakolatxonasining rasmiy internet sahifasiga tayanib xabar berdi.
Diplomatning ta’kidlashicha, Turkmanistonda yoshlarning yapon tilini o‘rganishga katta qiziqish bildirishi, shuningdek, mamlakatning turli hududlarida ushbu tilni qunt bilan o‘zlashtirayotgan talabalar bilan uchrashuvlar uning xotirasida alohida taassurot qoldirgan. Yoshlarning ta’limga jiddiy yondashuvi va kelajakka ishonch bilan qarashini ko‘rish ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar istiqboliga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaganini qayd etdi.
Xirosi Sasaki 2023-yil noyabr oyida elchi lavozimidagi faoliyatini boshlagan edi. U xayrlashuv murojaatida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga, turkman xalqining Milliy Yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguly Berdimuhamedovga, Hukumat a’zolariga, diplomatik korpus vakillariga, ishbilarmon doiralarga, mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlariga hamda butun turkman xalqiga ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlovi va hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Elchining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Turkmaniston va Yaponiya o‘rtasidagi aloqalar siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim sohalarida faol rivojlanmoqda. U 2025-yilda Turkmaniston Prezidentining Yaponiyaga ikki marta amalga oshirgan tashrifini eslatib o‘tdi. Ushbu tashriflardan biri Osaka shahrida o‘tkazilgan EXPO-2025 Butunjahon ko‘rgazmasida, ikkinchisi esa «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi sammitda ishtirok etish bilan bog‘liq edi.
Shuningdek, 2026-yil avgust oyida Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi Ashxobodga tashrif buyurgani qayd etildi. Sasakining ta’kidlashicha, bu so‘nggi sakkiz yil ichida Yaponiya tashqi siyosat idorasi rahbarining Turkmanistonga amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ldi. Tashrif doirasida vazir Turkmaniston Prezidentiga ham rasmiy tashrif bilan bordi.
Diplomat ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, jumladan, Yaponiya kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik qo‘shma loyihalar tufayli yanada chuqurlashib borayotganini ham ta’kidladi.
Xirosi Sasaki 2027-yilda Turkmaniston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 35 yil to‘lishini eslatib, do‘stlik va hamkorlik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama aloqalar kelgusida ham rivojlanishiga umid bildirdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.