
Turkmaniston poytaxtida 2026-yil 24–25-may kunlari “Oq shahrim Ashxobod 2026 (WCA 2026)” XXV ko‘p tarmoqli xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turkmaniston rasmiy matbuoti yakshanba kuni xabar berdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, 2026-yildagi ko‘rgazma va konferensiya “Me’morchilik. Innovatsiya. Barqaror rivojlanish” shiori ostida o‘tkaziladi.
O‘tgan yili o‘tkazilgan WCA 2025 forumi dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 550 dan ortiq vakilni, jumladan, davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, yetakchi me’morchilik va muhandislik kompaniyalari hamda xalqaro moliya institutlari vakillarini bir joyga jamlagan edi. 2026-yilda forumda yanada ko‘proq ishtirokchilar qatnashishi, professional muloqot va yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatlar ortishi kutilmoqda.
Bo‘lajak forumning asosiy mavzularidan biri “Ashxobodni 2045-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”ni amalga oshirish bo‘ladi. Ushbu strategiya poytaxtni zamonaviy boshqaruv, iqtisodiy va madaniy markaz sifatida rivojlantirishni, innovatsion shaharsozlik yechimlarini joriy etishni va ekologik barqarorlikni oshirishni ko‘zda tutadi.
WCA 2026 XXV xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi yangi investitsiya loyihalarini taqdim etish uchun muhim maydon bo‘lib, uning doirasida zamonaviy shahar infratuzilmasi va me’morchiligini rivojlantirish, innovatsion qurilish texnologiyalarini amalda qo‘llash, energetika tizimlari va barqaror energetika yechimlarini rivojlantirish, gaz-kimyo va kimyo sanoatiga oid loyihalar, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish va sanoatni rivojlantirish yo‘nalishlarida yangi shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
O‘tgan yilgi forum doirasida Ashxobod shahar hokimligi Xitoyning “Zoomlion Environmental Industry Co. Ltd.” kompaniyasi bilan qiymati 54 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 960 ta zamonaviy kommunal xo‘jaligi texnikasini sotib olish bo‘yicha shartnoma, shuningdek, “Türkmenhimiýa” davlat konserni va Janubiy Koreyaning “Daewoo Engineering & Construction” kompaniyasi Turkmanobod shahrida qiymati 682 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish majmuasi qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolagan edilar.
“Oq shahrim Ashxobod 2026 (WCA 2026)” XXV ko‘p tarmoqli xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida ishtirok etishni xohlovchilar batafsil ma’lumotlar bilan forumning rasmiy veb-saytida tanishishlari mumkin.
Keywords