
Turkmanistonda yanvar oyi yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 6,3 foizga teng bo‘ldi. Bu haqda kecha raqamli tizim orqali o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi yig‘ilishida Bosh vazir o‘rinbosari H. Geldimyradovning hisobotida ma’lum qilindi.
“Vatan” axborot dasturining xabar berishicha, hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 6,3 foizni tashkil etdi. Jumladan, sanoat sohasida o‘sish sur’ati 2 foiz, qurilishda 6 foiz, transport va aloqa sohasida 9,3 foiz, savdoda 8,2 foiz, qishloq xo‘jaligida 2 foiz, xizmatlar sohasida esa 8,5 foizga teng bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda, joriy yilning yanvar oyida jami ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 10 foizga oshib, iqtisodiyot tarmoqlarida ijobiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishildi. Hisobot davrida o‘tgan yilga nisbatan chakana savdo aylanmasi 10,1 foizga oshdi. Joriy yilning yanvar oyida davlat byudjetining daromad qismi rejasi 102,2 foizga, xarajat qismi rejasi esa 97,1 foizga bajarildi. Hisobotda byudjetdan moliyalashtiriladigan va xo‘jalik hisobidagi davlat korxonalarida ish haqlari, pensiyalar, davlat nafaqalari va talaba stipendiyalari o‘z vaqtida moliyalashtirilgani qayd etildi. Moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan o‘zlashtirilgan asosiy kapital qo‘yilmalar hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 21,3 foizga oshdi.
Hisobotni tinglagan Turkmaniston Prezidenti iqtisodiyot, moliya va bank tizimi faoliyatini takomillashtirishni davom ettirish muhimligini ta’kidlab, Bosh vazir o‘rinbosariga mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha 2026 yilga belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishni, shuningdek, yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlarini barqaror saqlash va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni topshirdi.
Keywords