
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari B. Annamammedov juma kuni raqamli tizim orqali o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisida 2026-yil yanvar oyida mamlakatning qurilish va sanoat majmuasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va bajarilgan ishlar rejasi 133,9 foizga bajarilganini ma’lum qildi.
Turkmaniston rasmiy OAV xabariga ko‘ra, Qurilish va me’morchilik vazirligi bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotlar va bajarilgan ishlar rejasi 105,6 foiz, Sanoat va qurilish ishlab chiqarish vazirligi bo‘yicha 119,1 foiz, Energetika vazirligi bo‘yicha esa 114,9 foizni tashkil etdi.
Bosh vazir o‘rinbosari “Turkmenhimiya” davlat konserni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 170,8 foizga teng bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, hisobotga ko‘ra, Avtomobil yo‘llari qurilishini boshqarish davlat agentligi tomonidan tegishli reja 106,2 foizga bajarildi. Ashxobod shahar hokimligi bo‘yicha bajarilgan ishlar rejasi 112,9 foizni tashkil etdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hisobotni tinglab, qurilish sohasida belgilangan ishlarning bajarilishiga qat’iy nazorat o‘rnatish, mamlakatdagi kimyo korxonalarining faoliyatini zamonaviylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni davom ettirish, elektroenergetika sohasining quvvatini oshirish masalasini doimiy e’tiborda saqlash zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosariga yo‘llar qurilishi va ularning saqlanishi ustidan nazoratni kuchaytirish, bino va inshootlarni yuqori sifatda qurib, belgilangan muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlarni nazoratda ushlab turishni topshirdi.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisida joriy yilning yanvar oyida mamlakatda amalga oshirilgan ishlar yakunlari sarhisob qilindi.
Keywords