
Turkmaniston hududlari bo‘ylab ijodiy safarda bo‘lgan “Galkynyş” milliy ot ustidagi o‘yinlar guruhi Labap viloyatiga tashrif buyurdi. 23-fevral kuni Turkmanoboddagi “Türkmeniň ak öýi” binosiga yig‘ilgan 3 ming kishi guruhning ajoyib chiqishlarini tomosha qildi. Bu haqda “Türkmenistan” gazetasi xabar berdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, tantanalar doirasida guruh a’zolari Labap viloyat tarix va o‘lkashunoslik muzeyida bo‘ldilar. Muzey fondida faqat otlar bilan bog‘liq 200 dan ortiq qimmatbaho eksponatlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati asrlar qa’ridan hikoya qiladi. Viloyat muzeyiga sayohat guruh a’zolari uchun sharqiy mintaqaga ijodiy safarning eng ta’sirli va unutilmas lahzalaridan biriga aylandi.
So‘ngra guruh a’zolari Turkmanobodning Bitarap Türkmenistan ko‘chasi bo‘ylab yurish qildilar. Yo‘l davomida 39-sonli ixtisoslashtirilgan o‘rta maktab, Seyitnazar Seydi nomidagi davlat musiqali drama teatri va viloyat kutubxonasi oldida musiqiy tantanalar namoyish etildi.
Oq gumbazli “Türkmeniň ak öýi” binosi mashhur guruhni qo‘shiq va musiqalar bilan kutib oldi. Tantanalar bino oldidagi maydondan boshlanib, kirish qismida davom etdi. Bu yerda tashkil etilgan ko‘rgazmada viloyat rassomlari va haykaltaroshlarining turkman otlariga bag‘ishlangan asarlari o‘rin oldi.
Tez orada binoning asosiy zalida tantanali qism boshlandi. Tomoshabinlarning qizg‘in olqishlari ostida guruh a’zolari sahnaga yaqinda berilgan xalqaro sertifikatlarni olib chiqishdi. Shundan so‘ng guruhning chiqishlari namoyish etildi.
Avval xabar berganimizdek, 2026-yil yanvar oyida Monako knyazligining Monte-Karlo shahrida 48-xalqaro sirk san’ati festivali bo‘lib o‘tdi va uning doirasida “Galkynyş” guruhiga sirk san’atiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Butunjahon sirk federatsiyasi hamda Yevropa sirk assotsiatsiyasi tomonidan xalqaro sertifikatlar topshirildi. Ushbu voqea sharafiga Arkadag‘ va Ashxobod shaharlarida tantanali tadbirlar o‘tkazildi. Endilikda guruh a’zolari mamlakat viloyatlarida bo‘lib, ushbu muvaffaqiyat sharafiga tashkil etilayotgan tadbirlarda ishtirok etmoqdalar va ot ustidagi noyob o‘yinlarini namoyish etmoqdalar.
Keywords