Lebap.biz saytining xabar berishicha, 2026-yil 1–10-noyabr kunlari Turkmanobod shahrida shaxmat bo‘yicha Turkmaniston Gran-pri musobaqasining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. “Bagtyýarlyk” bolalar sog‘lomlashtirish va dam olish markazida tashkil etilgan bellashuvda mamlakatning turli hududlaridan 181 nafar sportchi qatnashdi.
To‘qqiz turdan iborat musobaqada shaxmatchilar shaxsiy va jamoaviy hisobda sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdilar. Bellashuvda olti yoshli bolalardan tortib, 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Ochiq toifada 125 nafar, ayollar o‘rtasida esa 56 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.
Ochiq toifada Dänew etrappidagi maktab o‘quvchisi, sport ustaligiga nomzod Şageldi Gurbandurdyýew muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U mumkin bo‘lgan 9 ochkodan 8 ochko jamg‘arib, musobaqa g‘olibiga aylandi. Ikkinchi o‘rinni 7,5 ochko bilan Ilhan Charyýew egalladi. FIDE ustasi Mergen Kakabaýew esa 7 ochko bilan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda Mary viloyati vakili Jennet Ýalkanowa 8 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. “Küşt älemi” akademiyasi sportchisi Nurana Soýunowa ham 8 ochko bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. Lebap viloyati vakili Mähri Agamyradowa esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa doirasida yetti yosh toifasi bo‘yicha ham eng kuchli shaxmatchilar aniqlandi. Unda qatnashgan yosh sportchilar o‘z tayyorgarlik darajasi va shaxmat mahoratini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldilar.












Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.