
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov juma kuni raqamli tizim orqali o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisida “Turkmengaz” davlat konserniga “Galkinish” gaz konining to‘rtinchi bosqichi doirasida yillik quvvati 10 milliard kubometr bo‘lgan tijorat gazini tayyorlash qurilmasini qurish bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasining “CNPC Amudarya Petroleum Company Ltd.” kompaniyasi bilan shartnoma imzolashga ruxsat beruvchi Qarorni imzoladi.
Turkmaniston rasmiy matbuotining xabar berishicha, Qarorga muvofiq “CNPC Amudarya Petroleum Company Ltd.” kompaniyasi ushbu miqdordagi tijorat gazini tayyorlash uchun yetarli bo‘ladigan ekspluatatsiya quduqlarini loyihalashtiradi hamda to‘liq tayyor holda (“pod klyuch”) qurib beradi.
Ushbu hujjat berkarar davlatning yangi davri Uyg‘onish davrida mamlakat neft-gaz tarmog‘i oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va turkman tabiiy gazi qazib olish hajmini oshirish maqsadida qabul qilindi.
Majlisda davlat hayotiga daxldor boshqa bir qator muhim masalalar ham ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Keywords