Xitoy bojxona xizmati tomonidan e’lon qilingan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida Xitoy va Afrika mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga oshib, 312,11 milliard AQSh dollariga yetdi.
Savdo aloqalarining faollashuvi va Afrika mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Xitoy bozorida kengroq taqdim etilishiga bojxona to‘lovlarining bekor qilinishi hamda transport-logistika infratuzilmasining kengaytirilishi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Joriy yilning 1-mayidan boshlab Xitoy diplomatik aloqalar o‘rnatilgan Afrikaning 53 ta davlati uchun barcha tovar guruhlariga nisbatan nol darajali bojxona bojlari siyosatini joriy etdi. Ushbu qaror natijasida may-sentabr oylarida Xitoyning Afrikadan import qilgan ayrim mahsulotlari hajmi va qiymati sezilarli darajada oshdi.
Xususan, mazkur davrda yeryong‘oq importining qiymati 4,4 barobar, muzlatilgan qulupnay importi 113 foiz, avokado importi esa 82 foizga ko‘paydi.
Shu tariqa, Xitoy Misr muzlatilgan qulupnayini eksport qilish bo‘yicha eng yirik bozorga aylandi. Janubiy Afrikada yetishtirilgan pekan yong‘og‘i eksportining esa 90 foizi Xitoyga yo‘naltirildi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.