
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguly Atagulyyev juma kuni raqamli tizim orqali o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisida joriy yilning yanvar oyida Turkmaniston Davlat tovar-xomashyo birjasi (TDHChMB) tomonidan 26 ta birja savdosi o‘tkazilib, ularda 2 361 ta shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Turkmaniston rasmiy OAV xabariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bo‘yicha o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda savdo aylanmasining o‘sish sur’ati 111,4 foizni, ishlab chiqarilgan mahsulotlar o‘sish sur’ati esa 100,1 foizni tashkil etganini ta’kidladi.
Hisobotga ko‘ra, To‘qimachilik sanoati vazirligi bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 100,8 foizga oshdi, jumladan ip-kalava ishlab chiqarish 100 foizni, paxta matolari ishlab chiqarish 102,4 foizni, charm mahsulotlari ishlab chiqarish esa 115,3 foizni tashkil etdi. “Türkmenhaly” davlat birlashmasi bo‘yicha ishlab chiqarish rejasi 104,1 foizga bajarildi.
Shuningdek, majlisda 2026-yil yanvar oyida Savdo-sanoat palatasi bo‘yicha bajarilgan ishlar o‘sish sur’ati 116,3 foizni, Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘sish sur’ati 106,5 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘sish sur’ati esa 105,1 foizni tashkil etgani qayd etildi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov mamlakatda savdo, to‘qimachilik va tadbirkorlik sohalarini rivojlantirishni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosariga mamlakat bozorlarini va savdo nuqtalarini oziq-ovqat hamda boshqa zarur tovarlar bilan ta’minlash, Davlat tovar-xomashyo birjasining faoliyatini izchil takomillashtirish bo‘yicha ishlarni faollashtirishni topshirdi.
Keywords