
Yaponiyada xorijlik ishchilar soni eng yuqori darajaga yetib, o‘tgan yilning oktyabr oyi oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2,57 milliondan oshdi. Bu haqda “Zaman” gazetasida xabar berildi. Mamlakatda ishchi kuchi yetishmovchiligi sababli xorijlik ishchilar soni 13 yildan beri ketma-ket rekord o‘rnatishda davom etmoqda. Yapon matbuotining xabar berishicha, xorijlik xodimlarning umumiy soni 2 million 571 mingdan oshgan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 11,7% ko‘pdir. Shu bilan birga, eng katta ulush vyetnamlik ishchilarga tegishli.
Mamlakatda xorij fuqarolari mehnat qilayotgan ish joylari soni ham rekord darajaga – 371 215 taga yetdi, bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan 8,5% ko‘pdir. Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ishchilar soni 30 tadan kam bo‘lgan kichik korxonalarga umumiy miqdorning 63,1% to‘g‘ri keladi.
Qayta ishlash sanoati 635 075 xorijlik ishchisi bilan boshqa tarmoqlardan o‘zib ketdi va umumiy miqdorning 24,7% ini tashkil etdi, undan keyin esa oziq-ovqat yetkazib berish kabi xizmat ko‘rsatish sohalari (391 946 kishi) kelmoqda. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot sektorida o‘tgan yilga nisbatan 25,6% o‘sish qayd etildi. Ishchi kuchi yetishmovchiligi mavjud sohalarda xorijliklarga ishlash uchun beriladigan maxsus ishchi vizasiga ega bo‘lganlar soni 38,3% ortib, 286 225 taga yetdi. Vyetnamlik ishchilar 605 906 nafarni yoki umumiy miqdorning 23,6% ini tashkil etdi. Ulardan keyin xitoyliklar (431 949 ishchi yoki 16,8%) va filippinliklar (260 869 ishchi yoki 10,1%) bormoqda.
Keywords