
Bahorning ilk kunida poytaxtimizdagi Jamoat tashkilotlari markazida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Turkmaniston Xotin-qizlar birlashmasi Markaziy kengashi tomonidan e’lon qilingan «Yil ayoli» tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi. «Turkmenistan» gazetasida xabar berilishicha, yakuniy tanlovda viloyatlar, Ashxobod va Arkadag shaharlaridan 56 nafar iqtidorli va mehnatsevar ayollar ishtirok etdi.
Bayram ruhiga yo‘g‘rilgan tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar 8 yo‘nalish bo‘yicha bellashdilar. Mamlakatimizning yetakchi ayollaridan iborat hakamlar hay’ati ishtirokchilarning ijtimoiy faolligi, mehnat va ijoddagi yutuqlariga odilona baho berdilar. Ayollarning ko‘p yillik halol mehnati va yuqori natijalari inobatga olinib, g‘oliblar e’lon qilindi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Bolqon viloyati Bosh ta’lim boshqarmasi Bolalar va o‘smirlar ijodiyoti uyi direktori Guljamal Soltanova «Yilning ishbilarmon ayoli», Dosho‘g‘uz viloyati Shobat tumani Beruniy nomidagi kengashlik Bag‘bon qishlog‘i turg‘uni Guljan Amanmuradova «Yilning mehribon ayoli» unvoniga loyiq ko‘rildilar. O‘ziga xos iste’dodi va mahorati bilan ajralib turgan Arkadag shahri Sog‘liqni saqlash boshqarmasining «Tez yordam» markazi hamshirasi Shirin Tejenova «Yilning qo‘li gul ayoli», Lebap viloyati Davlatli tumani Do‘stlik shahri Bolalar va o‘smirlar ijodiyoti uyi raqs to‘garagi rahbari Jannat Akmuradova esa «Yilning san’atdagi faol ayoli» deb e’lon qilindi. Shuningdek, xususiy sektorda va tarbiyachilik ishida alohida faollik ko‘rsatgan Mari viloyati Mari tumanida joylashgan «Merv» issiqxonasi mudiri Mehri Jojikova «Yilning tadbirkor ayoli», Ashxobod shahridagi 165-sonli bolalar bog‘chasi tarbiyachisi Oraztach Nuriyeva «Yilning ustozi» sifatida e’tirof etildilar. Axal viloyati Politsiya boshqarmasi Oq bug‘doy tumani politsiya bo‘limi vakili Og‘ulsuray Husayinquliyeva «Yilning vatanparvar ayoli», Mari viloyati Qoraqum tumani «Bayramali» dehqon birlashmasi ijarachisi Tovus Xudoyberdiyeva «Yilning ilg‘or qishloq ayoli» unvoniga ega bo‘ldi.
Tadbir yakunida g‘olib bo‘lgan mohir ayollarga Turkmaniston Xotin-qizlar birlashmasi Markaziy kengashi nomidan Faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Keywords