Yaponiyaning eng chekka hududlaridan birida, Tokio shahridan taxminan 350 kilometr janubda joylashgan Aogashima oroli tabiatning eng g‘aroyib maskanlaridan biri hisoblanadi. Filippin dengizining keng hududida joylashgan bu orol o‘ziga xos geologik tuzilishi bilan alohida e’tiborni tortadi.

Aogashima ko‘pincha «vulkan ichidagi vulkan» deb ataladi. Chunki orol markazida joylashgan asosiy krater ichida yana bir kichik krater mavjud. Orolning umumiy maydoni qariyb 8,75 kvadrat kilometrni tashkil etadi, uning relyefi esa tog‘li va vulqonli tuzilishi bilan ajralib turadi.

Eng qiziq jihati shundaki, orolda faol vulqon tizimi mavjud bo‘lishiga qaramay, bu yerda taxminan 160 kishi yashashda davom etmoqda. Mahalliy aholi krater ichida joylashgan aholi punktlarida tabiat bilan uyg‘un holda hayot kechiradi.

Aogashima noyob vulqon landshafti, yashil tepaliklari va okeanning keng manzaralari bilan o‘ziga xos go‘zallik yaratadi. Vaqti-vaqti bilan vulqon faolligi kuzatilishiga qaramay, orol aholisi bu yerda kundalik hayotini davom ettirmoqda.

Orolning tabiiy xususiyatlari nafaqat uning ko‘rinishida, balki aholining turmush tarzida ham aks etadi. Yer ostidan chiqadigan issiq suv ovqat tayyorlash va boshqa xo‘jalik ishlarida foydalaniladi.

Mahalliy aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida baliq va dengiz mahsulotlari alohida o‘rin tutadi. Sabzavotlarning bir qismi esa Yaponiyaning boshqa hududlaridan olib kelinadi.

Orolda yashovchilar cheklangan miqyosda dehqonchilik va chorvachilik bilan ham shug‘ullanadilar. Bu yerda qoramollar, uy va yovvoyi qushlarning turli turlarini uchratish mumkin. Shuningdek, kartoshka va ayrim poliz ekinlari yetishtiriladi.

Aogashima oroli vulqonning kuchli tabiiy kuchi bilan insonning osoyishta hayoti uyg‘unlashishi mumkinligini namoyish etadigan dunyoning eng ajoyib maskanlaridan biridir.