AQSh Federal tergov byurosi (FBI) o‘tgan hafta mamlakat havo qatnovida katta uzilishlarga sabab bo‘lgan uskunalarning bir qismini tekshiruv uchun olib qo‘ydi. Tergovchilar nosozlik yuzaga kelgan sharoitlarni ushbu qurilmalarda qayta yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda CNN telekanaliga tayanib, «Report» xabar berdi.
Telekanal jurnalisti Evan Peresning aytishicha, havo harakatini boshqarish tizimiga juda ko‘p signal yuborgan marshrutizatorlardan birida nosozlik yuz berib, natijada tizim haddan tashqari yuklangan. Ayni paytda FBI uskunalarning bir qismini tekshirib, hodisa sabablarini aniqlashga urinmoqda.
Tergov davomida uskunalarni almashtirish to‘g‘risidagi qaror aynan qachon qabul qilingani ham o‘rganilmoqda. Xususan, AQShda yo‘lovchi tashish eng gavjum bo‘ladigan davrlardan biri — juma kunining ikkinchi yarmida uskunalarni almashtirish nima sababdan tanlangani tergovchilarni qiziqtirmoqda.
13-noyabr kuni AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati havo harakatini boshqarish markazlaridagi aloqa tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli mamlakat bo‘ylab parvozlarni to‘rt soatdan ortiq muddatga vaqtincha taqiqlagan edi. Bu hodisa so‘nggi 25 yil ichida AQShda parvozlarning butun mamlakat bo‘ylab eng uzoq muddatga to‘xtatilishi bo‘ldi.
13–14-noyabr kunlari yuzaga kelgan uzilishlar oqibatida aviakompaniyalar 10 mingdan ortiq reysni bekor qildi. AQSh transport vaziri Shon Daffining tushuntirishicha, nosozlik havo harakatini boshqarishning eskirgan tizimidagi marshrutizatorlarning haddan tashqari yuklamaga bardosh bera olmagani bilan bog‘liq.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.