AQShdagi bir nechta yirik bank mijozlari internet xizmatlari faoliyatidagi uzilishlar va o‘z hisoblariga kirishda qiyinchiliklarga duch keldi. Bu haqda Associated Press agentligiga tayanib, «Report» xabar berdi.
Texnik nosozliklar «Bank of America», «Chase», «U.S. Bank» va «Wells Fargo» banklari, shuningdek, «Zelle» to‘lov tizimi faoliyatida kuzatildi.
«Chase» banki vakili texnik muammolar mavjudligini tasdiqlab, ularning kiberhujum bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.
Bank vakilining ma’lum qilishicha, ayrim moliyaviy operatsiyalar odatdagidan ko‘proq vaqt talab qilmoqda. Shunga qaramay, mijozlar o‘z hisoblari va mablag‘laridan foydalanish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Shuningdek, nosozlikni imkon qadar tezroq bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani bildirildi.
«Chase» bankining ayrim mijozlariga muayyan xizmatlar vaqtincha ishlamayotgani haqida bildirishnomalar yuborilib, biroz vaqtdan so‘ng qayta urinib ko‘rish tavsiya etildi.
Hozircha texnik nosozliklarning umumiy ko‘lami va xizmatlar qachon to‘liq tiklanishi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
AQSh bank tizimidagi ushbu uzilishlardan bir necha kun oldin «Microsoft» kompaniyasi xizmatlarida ham yirik texnik nosozlik yuz bergan edi. Juma kuni bir necha soat davom etgan muammolar «Outlook», «Teams» va «Copilot» sun’iy intellekt yordamchisi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.