
Ispaniya Kubogi yarim finalining dastlabki uchrashuvida Madridning «Atletiko» jamoasi o‘z maydonida «Barselona»ni qabul qildi. 13-fevralga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan o‘yin mezbonlarning 4:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 7-daqiqasida Erik Garsiyaning o‘z darvozasiga urgan goli hisobni ochdi. 14-daqiqada hujumchi Antuan Grizman «Atletiko»ning ustunligini mustahkamladi. O‘yinning 33-daqiqasida esa «Atletiko» hujumchisi Ademola Lukman hisobni yanada yiriklashtirdi. Birinchi bo‘limning qo‘shib berilgan vaqtida Julian Alvares madridliklarning to‘rtinchi golini darvozaga joylab qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘lim boshida «Barselona» himoyachisi Pau Kubarsi gol urishga muvaffaq bo‘ldi, ammo VAR tizimining etti daqiqalik tekshiruvidan so‘ng, bu gol hisobga olinmadi. Shuningdek, o‘z darvozasiga gol urgan Erik Garsiyaning 86-daqiqada qizil kartochka olib, maydondan chetlatilishi kataloniyaliklarning ahvolini yanada qiyinlashtirdi.
Ta’kidlash joizki, «Barselona» 1989-yildan beri ilk bor «Atletiko»ga to‘rtta gol farqi bilan mag‘lub bo‘ldi. Javob uchrashuvi 4-martga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.
Yarim finalning boshqa uchrashuvida esa «Real Sosyedad» safarda «Atletik» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Keywords