«Turkmenhimiýa» davlat konserniga qarashli «Balkanabat» yod zavodida texnik uglerod ishlab chiqaruvchi yangi bo‘lim quriladi. Ushbu taklif Prezident Serdar Berdimuhamedov tomonidan Vazirlar Mahkamasi majlisida ma’qullandi. Bu haqda Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH) xabar bermoqda.
Majlisda Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Baymyrat Annamammedov kimyo sanoati korxonasini modernizatsiya qilish ishlari borishi haqida hisobot berdi.
Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, mamlakat kimyo sanoatining ishlab chiqarish quvvatini oshirish, tarmoqni diversifikatsiya qilish, shuningdek, mahalliy xomashyo resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda ilg‘or texnologiyalar asosida yangi ishlab chiqarish korxonalari barpo etilmoqda, mavjud obyektlar esa rekonstruksiya va modernizatsiya qilish orqali rivojlantirilmoqda.
Bu boradagi ishlar «Balkanabat» yod zavodida ham davom ettirilmoqda. Korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishda xorijiy yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikka alohida ahamiyat berilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari yangi ishlab chiqarish bo‘limini qurish bo‘yicha taklifni davlat rahbariga taqdim etdi.
Hisobotni tinglagan Prezident Serdar Berdimuhamedov mamlakatda kimyo sanoatini rivojlantirish, mahalliy xomashyo resurslaridan oqilona va samarali foydalanish yuzasidan kompleks ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Davlat rahbari taklifni ma’qullab, bosh vazir o‘rinbosariga tegishli topshiriqlar berdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.