Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) Turkmanistondagi vakolatxonasi va xalqaro Winrock International tashkiloti mamlakatda raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi ta’lim tashabbusiga start berdi.

«News Central Asia» nashrining xabar berishicha, dasturning ochilish marosimi Ashxoboddagi BMT binosida gibrid shaklda o‘tkazildi. Tadbirda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, xususiy sektor va mahalliy jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, poytaxt va viloyat markazlaridan o‘quv dasturida ishtirok etadigan tinglovchilar qatnashdi.

«Innovatsiyalar, texnologiyalar va tadbirkorlik orqali ayollar hamda erkaklarning imkoniyatlarini kengaytirish» deb nomlangan loyiha AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan «Eksport va savdoni qo‘llab-quvvatlash uchun barqaror ta’minot zanjirlarini rivojlantirish» (ASSET) dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Mamlakatning barcha viloyatlari va Ashxobod shahrida o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish ishlariga Turkmanistonning «Maşgala» va «Ýeňme» jamoat tashkilotlari ham jalb qilingan. Ular dasturning keng aholi qatlamlarini, jumladan, hududlar aholisini ham qamrab olishiga ko‘maklashadi.

2026-yil dekabridan 2027-yil martigacha davom etadigan mashg‘ulotlar aralash shaklda tashkil etiladi. Ishtirokchilar onlayn darslar va bevosita amaliy mashg‘ulotlar orqali raqamli savodxonlik asoslari, sun’iy intellektning amaliy qo‘llanilishi, zamonaviy IT vositalari hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish tamoyillarini o‘rganadilar.

Dasturda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj aholi guruhlariga alohida e’tibor qaratiladi. Ular qatoriga nogironligi bo‘lgan shaxslar, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan ota-onalar, ishsiz fuqarolar va ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan insonlar kiradi.

Winrock International tashkilotining ASSET loyihasi texnik direktori Olga DiPretoro hamda BMTTDning Turkmanistondagi Doimiy vakili Narine Saakyan ta’kidlaganidek, xalqaro tajribani mahalliy bilimlar bilan uyg‘unlashtirish fuqarolarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, yangi daromad manbalarini topish va raqamli iqtisodiyotda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

O‘quv dasturining yakuniy bosqichi sifatida 2027-yil mart oyida Ashxobodda Innovatsiyalar va tadbirkorlik bo‘yicha xakaton o‘tkaziladi. Unda alohida natijalarga erishgan ishtirokchilar o‘z biznes loyihalarini ekspertlarga taqdim etish, potensial hamkorlarni topish va tanlov sovrinlari uchun bellashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.