Turkmaniston xalqaro magistral aloqa liniyalari sonini 11 taga yetkazish va tranzit tarmog‘ining umumiy o‘tkazuvchanlik quvvatini sekundiga 20 Tbitgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu maqsadlarga erishishda Ozarbayjon bilan Kaspiy dengizi tubidan suvosti optik tolali aloqa liniyasini yotqizish bo‘yicha hamkorlikka alohida ahamiyat berilmoqda.

Bu haqda «Türkmentelekom» davlat elektr aloqa kompaniyasi bosh direktori Hojanyýaz Avganov 25-noyabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan «Türkmentel-2026» xalqaro ko‘rgazmasi va ilmiy konferensiyasidagi nutqida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun bir qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shulardan biri Ozarbayjon bilan birgalikda Kaspiy dengizi tubidan suvosti aloqa liniyasini yotqizish, unga egalik qilish va undan foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘z ichiga oladi.

Loyihaning amalga oshirilishi Yevropa va Osiyo o‘rtasida yuqori tezlikdagi raqamli aloqa yo‘lagini yaratish imkonini beradi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan ushbu tashabbus, shuningdek, mintaqaning raqamli o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash hamda Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi xalqaro ma’lumot uzatish yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.