Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish chorvachilik sohasida ham zamonaviy yechimlardan biri bo‘lib turibdi. Hozirgi davrda dunyoda energiya resurslariga bo‘lgan talabning ortishi bilan bir qatorda, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan va uzoq muddatli foydalanish imkonini beradigan energiya manbalariga bo‘lgan qiziqish ham yuqorilamoqda. Ularning orasida quyosh, shamol va suv energiyasi kabi qayta tiklanadigan manbalar alohida o‘rin egallaydi. Chorvachilik xo‘jaliklarida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj turli yo‘nalishlarda yuzaga keladi. Chorvachilik majmualarida suv ta’minoti, mol otxonalarini yoritish, havo almashinuvi, sovutish tizimlari va boshqa jihozlarning ishlashi uchun ishonchli energiya manbai zarurdir. Bu ehtiyojlarni ta’minlashda quyosh panellaridan foydalanish samarali yechimlardan biri bo‘lishi mumkin. Quyosh panellari orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasi chorvachilik xo‘jaliklarining energiya ta’minotini yaxshilashga, an’anaviy energiya manbalariga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga imkon beradi. Asosan elektr tarmoqlarining uzoq masofadagi yaylovlarga yoki chorvachilik nuqtalariga tortilishining qiyin bo‘lgan joylarida quyosh energiyasi qulay imkoniyatlarni yaratadi. Turkmanistonning geografik joylashuvi va tabiiy sharoitlari quyosh energiyasidan foydalanish uchun qulay imkoniyatlarni ta’minlaydi. Mamlakatimizda yil davomida quyoshli kunlarning ko‘p bo‘lishi, ayniqsa yoz oylarida kunduzning uzoq davom etishi quyosh panellarining samarali ishlatilishi uchun qulay sharoitlar borligini ko‘rsatadi. Quyosh energiyasining chorvachilikda qo‘llanilishi nafaqat xo‘jaliklarning energiya ta’minotini takomillashtiradi, balki ekologik jihatdan toza ishlab chiqarishni rivojlantirishga ham yordam beradi. Quyosh panellarining ishlashi vaqtida zararli gazlarning bevosita chiqindilari bo‘lmasligi atrof-muhitni muhofaza qilish nuqtazaridan ham muhim afzallikdir. Qayta tiklanadigan energiya manbalarining chorvachilik tarmog‘iga joriy etilishi kelgusida zamonaviy, tejamkor va ekologik jihatdan toza xo‘jaliklarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarni ochadi. Bunday texnologiyalardan samarali foydalanish «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin.
Chorvachilikda quyosh energiyasining imkoniyatlari
1 daqiqa o'qish

☀️🐄 Chorvachilikda quyosh energiyasining imkoniyatlari. Quyosh panellari chorvachilik xo‘jaliklarini suv ta’minoti, yoritish, shamollatish va boshqa ehtiyojlar uchun elektr energiyasi bilan ta’minlashi mumkin. Texnologiya, ayniqsa, olis yaylovlarda samarali bo‘lib, energiya tejamkor va ekologik toza ishlab chiqarishga xizmat qiladi.






Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.