Nvidia Jensen Huang'ning prezident va bosh direktor lavozimiga qaytganini e'lon qildi. Direktorlar kengashi uni lavozimga qayta tiklashni bir ovozdan ma'qulladi, bundan oldin bir qator uchrashuvlar va maslahatlashuvlar, jumladan AQSh hukumatining yuqori martabali vakillari bilan muloqot bo'lib o'tdi. Kompaniya olingan ma'lumotlar Huang tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid yo'qligiga ishonch hosil qilish imkonini berganini bildirdi. Manbaga ko'ra, bu xabar fonida kompaniya aksiyalari taxminan 30 foizga o'sdi.
Direktorlar kengashi raisi Harvi Jons Huang Nvidia'ni boshqarish uchun eng munosib inson ekanini va uning qaytishi aksiyadorlar, xodimlar, hamkorlar va mijozlar manfaatlariga mos kelishini ta'kidladi. Jons rais lavozimida qoladi. Kompaniya rahbari vazifasini vaqtincha bajargan moliya direktori Kolett Kress avvalgi lavozimida qoladi.
Huang yangi sanoat inqilobi boshlanishida dunyoning eng muhim texnologiya kompaniyalaridan birini boshqarishga qaytayotganini aytdi. U kengashga, hamkasblariga, hamkorlariga va oilasiga qo'llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Huang xorijiy razvedka operatsiyasi ob'ekti bo'lgan bo'lishi mumkinligi haqidagi xabarlar bilan bog'liq holatlarni tekshirish davom etadi. Kengash avval bu masalani mustaqil yuristlar ko'magida tekshiradigan mustaqil direktorlar qo'mitasini tuzgan edi. Huang tekshiruv bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, Nvidia milliy xavfsizlik va eksport cheklovlariga rioya qilish masalalari bo'yicha alohida qo'mita tuzdi. Kompaniya me'yoriy talablarga rioya etilishini nazorat qiladigan va tayinlash hamda korporativ boshqaruv qo'mitasiga bo'ysunadigan komplayens direktorini yollamoqchi. Nvidia davom etayotgan tekshiruvlar doirasida davlat organlari bilan hamkorlikni davom ettiradi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.