«TechDroider» internet nashri Samsung kompaniyasining bo‘lajak flagman smartfoni Galaxy S27 Ultra modelining yangi maketlari aks etgan videoni e’lon qildi. Videoda qurilmaning qora va oq rangdagi plastik nusxalari ko‘rsatilib, ularning o‘lchamlari hamda dizayni hozirgi Galaxy S26 Ultra modeli bilan taqqoslangan.
Yangi flagman seriyasining rasmiy taqdimoti 2027-yil boshida o‘tkazilishi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27 Ultra akkumulyatorining sig‘imi 5700 mA·soatgacha oshiriladi va smartfon 60 Vt quvvatga ega tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmaning ishlash unumdorligi sotuvga chiqariladigan hududiga qarab Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 yoki Samsung kompaniyasining o‘z ishlab chiqarishi bo‘lgan Exynos 2700 protsessori orqali ta’minlanadi.
Taxminlarga ko‘ra, qurilma 2K aniqlik va 120 Gs yangilanish chastotasiga ega 6,9 dyuymli AMOLED M16 ekran bilan jihozlanadi. Shuningdek, ekran yorqinligi oshirilishi, aks etishga qarshi qoplamasi takomillashtirilishi va Privacy Display maxfiylikni himoya qilish funksiyasi yanada rivojlantirilishi kutilmoqda.
Kamera tizimida ham ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi aytilmoqda. 200 megapikselli asosiy kamera sensori va 5 karra optik yaqinlashtirish imkoniyatiga ega teleobyektiv saqlab qolinadi. Biroq ishlab chiqaruvchi 3 karra yaqinlashtirish modulidan voz kechishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar bor. Bundan tashqari, Galaxy S21 Ultra modelidan buyon seriyaning yuqori toifadagi smartfonlarida qo‘llanib kelinayotgan lazerli avtofokus yordamchisi ham yangi qurilmada bo‘lmasligi mumkin.
Hozircha ushbu ma’lumotlar dastlabki taxminlarga asoslangan. Samsung kompaniyasi Galaxy S27 Ultra modelining texnik xususiyatlari va dizaynini rasman tasdiqlamagan.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.