
Unosh turkman milliy taomlari orasida eng saralaridan biri hisoblanadi. Bu taomning tibbiyotda ham ahamiyati juda katta. 100 gramm unoshning umumiy kaloriyasi 322 ga teng. Unosh tarkibiga kiradigan har bir mahsulotni alohida olib qaraganda ham inson sog‘lig‘i uchun foydali ekanligiga ishonch hosil qilish mumkin.
Unoshga solinadigan qizil achchiq murch ishtahani ochadi, ovqatning hazm bo‘lishiga va o‘zlashishiga yordam beradi, qonni suyultiradi, shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari va yangi paydo bo‘ladigan o‘simtalarning oldini oladi. Murch tarkibiga kiradigan flavonoidlarga tegishli bo‘lgan katexin, gesperetin, rutin va boshqalar P vitaminlar guruhiga mansub bo‘lib, ular mayda qon tomirlarga, ya’ni kapillyarlarga mustahkamlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Flavonoidlar jigar hujayralariga yaxshi ta’sir qilib, shikastlangan to‘qimalarning qayta tiklanishiga yordam beradi, shuningdek, o‘t haydovchi va peshob haydovchi xususiyatiga ham ega. Qizil achchiq murch tarkibidagi kapsaisin insonning ta’m bilish reseptorlariga ta’sir qilish orqali endorfin gormonini ajratib chiqaradi. Bu gormonni boshqacha qilib “baxt gormoni” ham deyishadi. U insonda rohatlanish, tinchlanish va qoniqish tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Unoshga qo‘shiladigan mahsulotlarning yana biri qatiqdir. Uy sharoitida tayyorlangan qatiqning foydali tomonlari yuqoridir. Qatiqli unosh ishtahani ochadi. Ichak faoliyatini yaxshilaydi. Qatiq tarkibiga askorbin kislotasi, A, PP, D, B guruhiga mansub vitaminlar, shuningdek, xolin, beta-karotin kiradi. Bundan tashqari, tarkibida fosfor, kaliy, mis, xrom, kalsiy, oltingugurt, natriy kabi mineral moddalar ham bo‘lib, organizm a’zolarining faolligini oshirishda, turli kasalliklarga qarshi kurashishda, tana immunitetini ko‘tarishda ahamiyatlidir.
Unoshdagi loviyaning foydasi ham juda katta. Dukkaklilarga mansub bo‘lgan loviya tarkibida mineral moddalardan alyuminiy, bor, kaliy, kalsiy, magniy, mis, oltingugurt, fosfor va temir bor. Shuningdek, loviyaning kimyoviy tarkibi B guruhiga mansub bo‘lgan vitaminlardan, E, K vitaminlaridan, askorbin, foliy kislotasidan va inson salomatligini saqlashda zarur bo‘lgan, organizmda almashib bo‘lmaydigan aminokislotalardan iborat bo‘lib, qondagi glyukoza darajasini pasaytiradi, yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini oladi, nerv tizimi ishini tartibga soladi, modda almashinuvini barqarorlashtiradi. Tanadan ortiqcha suyuqlikni chiqarib tashlashga yordam beradi, suv-tuz almashinuvini me’yorlashtiradi. Endokrin tizimi faoliyatiga, suyak to‘qimalariga, teri, yog‘ va ter bezlari ishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qon tomirlari devorlarida yog‘ zarralari to‘planishidan himoya qiladi. Loviyaning mayin tolalari ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydi va tanadan toksinlar chiqib ketishiga yordam beradi.
Unosh tarkibiga kiruvchi mahsulotlarning ahamiyati haqida Qahramon Arkadagimizning “Bereketli türkmen saçagy” nomli kitobida shunday bayon etiladi: “Qo‘lda tayyorlangan unosh ham parhez taomlarga kiradi. Uni shamollash va gripp vaqtida iste’mol qiladilar. Ishtaha yo‘q vaqtida qizil murch qo‘shilgan unosh yeyiladi. Bu taom ham terlatuvchi vosita hisoblanadi”.
Milliy taomimiz bo‘lgan unoshning inson organizmini turli shamollash kasalliklaridan himoya qilishda, tana immunitetini oshirishda ahamiyati kattadir. Shuning uchun mavsumiy yuzaga keladigan, asosan havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadigan kasalliklardan himoyalanish uchun, avvalo, albatta oilaviy shifokoringiz bilan maslahatlashib, tananing kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini oshirishga yordam beradigan milliy taomimiz — murchli va loviyali unoshni iste’mol qilib turishingizni maslahat beramiz.
Keywords