Yaponiyaning Kioto universiteti olimlari zaytun yog‘ini uglevodlarga boy taomlardan oldin iste’mol qilish qondagi glyukoza miqdorining keskin oshishining oldini olishga yordam berishi mumkinligini aniqladilar. O‘tkazilgan tadqiqotlar foydali yog‘lar ovqat hazm qilish jarayonini sekinlashtirishi hamda qondagi shakar miqdorini tartibga solishda ishtirok etadigan gormonal va asab mexanizmlarini faollashtirishini ko‘rsatdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish ketma-ketligining organizmga ta’sirini o‘rganish maqsadida olimlar laboratoriya sichqonlarida tajribalar o‘tkazdilar. Sichqonlarning bir guruhiga glyukoza berilishidan 15 daqiqa oldin zaytun yog‘i berildi. Ikkinchi guruhga esa avval glyukoza, keyin zaytun yog‘i berildi.

Natijalar yog‘ni oldindan iste’mol qilish oshqozonning bo‘shash jarayonini sekinlashtirishini ko‘rsatdi. Natijada uglevodlar ingichka ichakka sekinroq o‘tadi va qondagi shakar miqdori birdaniga ko‘tarilmaydi. Tadqiqot natijalari Diabetes ilmiy jurnalida chop etildi.

Tadqiqot davomida olimlar zaytun yog‘ining ta’siri faqat ovqat hazm qilish jarayonining sekinlashishi bilan cheklanmasligini ham aniqladilar. U ichakda GLP-1 va GIP gormonlarining ajralishini kuchaytiradi, shuningdek, miya bilan ovqat hazm qilish a’zolari o‘rtasida bog‘lanishni ta’minlaydigan adashgan nervning (vagus nervining) signal yo‘llarini faollashtiradi.

Olimlarning e’tiborini ushbu mexanizmdagi glyukagon gormonining o‘rni ham tortdi. Odatda qondagi shakar miqdorini oshirishda ishtirok etadigan ushbu gormon GLP-1 bilan birgalikda ishlab, glyukoza miqdorining haddan tashqari ko‘tarilishining oldini olishga yordam berishi mumkin.

Tajribalar natijasida aniqlangan ushbu ta’sir mexanizmi insulin yetishmovchiligi kuzatiladigan 2-tur qandli diabetning og‘ir shakliga chalingan sichqonlarda ham saqlanib qolishi ma’lum bo‘ldi.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ovqatlanish tartibini o‘zgartirish, ya’ni uglevodlarga boy mahsulotlardan oldin oz miqdorda zaytun yog‘i yoki boshqa foydali yog‘larni iste’mol qilish qondagi glyukoza miqdorini nazorat qilishning qo‘shimcha usuli bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, ushbu natijalarning inson organizmiga ta’sirini to‘liq tasdiqlash uchun klinik tadqiqotlar o‘tkazish zarur.