Fransiya hukumati suv tanqisligi sababli mamlakat hududining 70 foizida suvdan foydalanishga cheklovlar joriy etilganini ma'lum qildi. Bu haqda AFP agentligiga tayanib TASS xabar bermoqda.

Mamlakatning 67 ta departamentida suv yetishmovchiligi bo‘yicha eng yuqori xavf darajasi, yana 21 tasida esa yuqori tashvish darajasi amal qilmoqda. Amaldagi sharoitda suvdan cheklovlarsiz foydalanishga faqat sog‘liqni saqlash, fuqaro xavfsizligi, ichimlik suvi ta'minoti va gigiyena maqsadlaridagina ruxsat beriladi.

Yuqori tashvish darajasida bog‘lar va yashil maydonlarni sug‘orish, basseynlarni toldirish, avtomobillarni yuvish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga cheklovlar kiritiladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Monik Barbyu 27-iyul kuni mamlakatning 47 ta departamentida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar borligini ma'lum qilgan edi. Unik ta'kidlashicha, suv quvurlaridagi uzilishlar sababli 80 ta kommunada 30 mingdan ortiq aholi jabr ko‘rmoqda, shu sababli ularga ichimlik suvi sisternalar va idishlarda yetkazib berilmoqda.