Istanbul xalqaro aeroportida turkiy davlatlar fuqarolari uchun pasport nazoratidan o‘tishga mo‘ljallangan alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalari bilan bog‘liq yangi belgilar paydo bo‘ldi. Aeroport hududida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlar va kuzatuvchi davlatlar fuqarolari uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘naltiruvchi yozuvlar o‘rnatildi.
«TuraNews.kz» sayti «Dalanews.kz» nashriga tayanib xabar berishicha, ushbu belgilar pasport nazorati punktlarida turkiy davlatlar fuqarolari uchun alohida yo‘laklar ochish rejalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Turkiyaning aviatsiya sohasiga ixtisoslashgan «HavaSosyalMedya» nashri ma’lumotiga ko‘ra, yangi ko‘rsatkichlarda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Vengriya hamda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bayroqlari aks ettirilgan. Nashr ushbu tashabbusni turkiy davlatlar fuqarolarining shaxsiy guvohnomalari orqali o‘zaro safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish taklifi bilan bog‘lamoqda.
Shu bilan birga, Istanbul aeroporti ma’muriyati yangi tartib qachon kuchga kirishi yoki uning rasman joriy etilgani haqida hozircha ma’lumot bermadi.
Avvalroq, 2026-yil 10-sentabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ichki ishlar vazirlarining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi turkiy davlatlar fuqarolari uchun aeroportlarda alohida pasport nazorati hududlarini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ushbu tizim Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida qo‘llaniladigan shunga o‘xshash tajribaga asoslanib, chegara nazoratidan o‘tish jarayonini yengillashtirish va yo‘lovchilarning kutish vaqtini qisqartirishni ko‘zda tutadi. Yangi tartib qachon joriy etilishi hamda qaysi aeroportlarda amal qilishi haqida hozircha aniq ma’lumot e’lon qilinmagan.










Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.