Turkmaniston Aloqa vaziri o‘rinbosari Yazmyrat Gulmammedov boshchiligidagi turkman delegatsiyasi 13-noyabr kuni AQShning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan «Trusted Tech Summit 2026» — Ishonchli texnologiyalar sammitida ishtirok etdi. Bu haqda «Atavatan Türkmenistan» nashri xabar berdi.

Purdue universiteti huzuridagi Krach texnologik diplomatiya instituti tomonidan tashkil etilgan xalqaro forum Ronald Reygan xalqaro savdo markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi ekspertlar, diplomatlar, davlat idoralari vakillari hamda yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.

Sammit mehmonlari orasida AQSh bosh texnologiya direktori Maykl Kratsios, AQSh Davlat kotibining jamoatchilik diplomatiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rogers hamda «Cisco» kompaniyasi rahbari Chak Robbins ham bor edi.

Forum davomida sun’iy intellekt, kvant va kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda ishonchli raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Turkmaniston delegatsiyasining sammitdagi ishtiroki mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda AQSh va boshqa xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli texnologik aloqalarni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlarning bir qismi bo‘ldi.