Italiyadagi 2026-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlari keng ko‘lamli sahna ko‘rinishi bilan rasman yopildi. O‘yinlar bir vaqtning o‘zida ikki shahar — Milan va Kortina-d’Ampezzoda o‘tkazilgani hamda rekord darajadagi sovrinlar jamlanmasi tarqatilgani bilan tarixga kirdi.
“Harakatdagi go‘zallik” deb nomlangan yopilish marosimi milodiy I asrga oid mashhur qadimiy Rim amfiteatri — Arena di Veronada bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar opera san’ati va sportni birlashtirib, atrof-muhitni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratdilar: sahnaning 80 foizi yog‘ochdan tayyorlandi, chiqish qilganlarning liboslari esa qayta ishlangan materiallardan tikildi. O‘yinlar tarixida ilk bor ochilish va yopilish marosimlari turli stadionlarda o‘tkazildi.
O‘yinlarda 16 yo‘nalish bo‘yicha jami 116 ta medallar jamlanmasi uchun bahslar olib borildi — bu rekord ko‘rsatkichdir. Medallar jadvalining asosiy natijalari:
- Norvegiya oltin medallar va umumiy sovrinlar soni bo‘yicha jahon rekordlarini yangilab, mutlaq yetakchi bo‘ldi.
- AQSh 32 ta medal bilan ikkinchi o‘rinni egalladi hamda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi xokkey finallarida muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
- Italiya so‘nggi 32 yil ichidagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatdi va umumiy hisobda to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
- Tarixiy yangilik: tog‘ chang‘ichisi Lukas Braten Braziliya va Janubiy Amerika uchun Qishki Olimpiya o‘yinlaridagi ilk “oltin” medalni qo‘lga kiritdi.
Neytral maqomda ishtirok etgan rossiyalik sportchilar O‘yinlarni bitta kumush medal bilan yakunladilar.
2026-yilgi O‘yinlar 22 ming kvadrat kilometr maydonni qamrab oldi va rekord darajadagi yosh tomoshabinlarni jalb qildi. Dasturga ilk bor ski-alpinizm kiritildi, shuningdek, ishtirokchilar orasida Benin, Gvineya-Bisau va BAA sportchilari debyut qildilar. Italiya rahbariyati ushbu yutuqlari uchun Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan Oltin Olimpiya ordenlari bilan taqdirlandi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.