Futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu ko‘p yillik yo‘ldoshi, model va influyenser Jorjina Rodrigesga uylandi. Fuqarolik nikoh marosimi Portugaliyada bo‘lib o‘tdi.
Portugaliyalik hujumchi o‘z sahifasida nikoh uzugi taqilgan ikki qo‘l rasmini joylashtirdi. Ushbu surat bor-yo‘g‘i yarim soat ichida uch milliondan ortiq «layk» yig‘di.
Portugaliya ommaviy axborot vositalari ushbu voqeani «yil to‘yi» deb atashmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, juftlik 11-avgust kuni Lissabon yaqinidagi Kashkaysh sohil bo‘yi shaharchasida nikohlarini rasman ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Marosimda ularning barcha besh nafar farzandi ishtirok etdi.
Ronaldu va Rodriges o‘n yildan beri birga. Ular Madriddagi Gucci buitigida tanishishgan edi — o‘shanda Jorjina u yerda sotuvchi bo‘lib ishlagan, futbolchi esa «Real Madrid» sharafini himoya qilayotgan edi. Juftlik nikoh rejalarini roppa-rosa bir yil oldin — 11-avgustda e'lon qilgan edi.
Ronaldu faoliyati davomida «Sporting», «Manchester Yunayted», «Real Madrid», «Yuventus», Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klublari hamda Portugaliya terma jamoasi safida mingga yaqin gol urgan. Yaqinda u o‘zining oltinchi jahon chempionatida ishtirok etib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha rekordni argentinalik Lionel Messi bilan bo‘lishmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.