2026-yil 16-noyabr kuni Pokiston Islom Respublikasining poytaxti Islomobod shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida Turkmanistonning Mari shahri 2028-yil uchun «IHTning turizm poytaxti» deb e’lon qilingani ma’lum qilindi.
Turkmaniston delegatsiyasiga Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov rahbarlik qildi. U o‘z nutqida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti Turkmanistonning rivojlanish maqsadlarini ilgari surishda muhim hamkorlik maydoni ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida Turkmaniston IHTning 2035-yilgacha bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Strategik maqsadlari loyihasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, ushbu maqsadlarni 2024–2034-yillarga mo‘ljallangan Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar bo‘yicha Avaza harakatlar dasturi bilan uyg‘un holda amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Turkmaniston tomoni yakuniy kommyunikeda 2021-yilgi Ashxobod harakatlar konsensusining ahamiyatini yana bir bor tasdiqlash taklifini ham ilgari surdi.
Savdo aloqalarini rivojlantirish masalasida Turkmaniston delegatsiyasi IHT Savdo bitimini barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich va moslashuvchan tarzda modernizatsiya qilishni taklif etdi. Bundan tashqari, Turkmaniston Prezidentining tashabbusi bilan ilgari surilgan va Doimiy vakillar kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qo‘shma savdo zonalarini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratildi.
Transport sohasida Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, IHT transport vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi Turkmanistonda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Energetika sohasidagi hamkorlik haqida so‘z yuritilar ekan, Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston (TAPI) gaz quvurining mintaqa uchun strategik ahamiyati alohida qayd etildi. Turkmaniston elektr energiyasi eksportini oshirishga tayyor ekani ham bildirildi. Shu bilan birga, Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik jarayonlariga kengroq jalb etish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishning muhim natijalaridan biri Mari shahrining 2028-yilda «IHTning turizm poytaxti» deb e’lon qilinishi bo‘ldi. Shu munosabat bilan tashkilotga a’zo barcha davlatlar ushbu muhim sana munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilindi.
Uchrashuv yakunida Turkmaniston IHTga a’zo davlatlar, tashkilot Kotibiyati va boshqa tuzilmalari bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi. Shuningdek, tashkilotga raislikni o‘z zimmasiga olgan Pokistonga muvaffaqiyatlar tilanib, Turkmaniston ushbu yo‘nalishda uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi bildirildi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.