Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatidagi ishtiroki yakunlanganidan so‘ng o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda Germaniya futbol ittifoqi (DFB) rasman ma’lum qildi.

38 yoshli mutaxassis mundial tugaganidan keyin o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqishni so‘ragan.
«Jamoamiz turnirdan qaytgach, bir necha kun davomida chuqur o‘yladim. Yaqin insonlarim va federatsiya rahbariyati bilan maslahatlashdim. Bu qarorni qabul qilish men uchun oson bo‘lmadi. Men uchun har doim jamoaning manfaatlari birinchi o‘rinda bo‘lgan. Shunday og‘ir mag‘lubiyatdan keyin jamoa yangi sahifani ochishga loyiq. Murabbiylar shtabiga, yordamchi xodimlarga, federatsiyaga va ayniqsa birga ishlagan futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Muxlislarga ham alohida rahmat. Siz bizni doimo qo‘llab-quvvatladingiz va eng qiyin paytlarda ham ishonchingizni yo‘qotmadingiz. Sizni xafa qilganimiz va ushbu Jahon chempionatida unutilmas futbol oqshomlarini taqdim eta olmaganimiz uchun chin dildan afsusdaman. Siz bundan ham ko‘prog‘iga loyiq edingiz», — dedi Nagelsmann.
Nagelsmann Germaniya terma jamoasini 2023-yil sentyabridan buyon boshqarib kelayotgan edi. Jamoa 2026-yilgi Jahon chempionatida E guruhida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, 1/16 finalda Paragvayga penaltilar seriyasida 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.
DFB bayonotiga ko‘ra, federatsiya «Liverpul» klubining sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp bilan muzokaralar olib bormoqda. 59 yoshli mutaxassis Germaniya terma jamoasini boshqarishga tayyor ekanini bildirgan.
Keywords