Olimlar suv ostida tez qotadigan va yillar davomida mustahkamligini yo‘qotmaydigan suv osti yelimini yaratishdi. Ushbu kashfiyotdan hatto qayta foydalanish ham mumkin. Ilmiy izlanish natijalari mashhur Nature Communications jurnalida chop etildi.

Suv bilan ishlaganda oddiy yelimlar duch keladigan asosiy muammo — suv ularning tarkibini buzadi yoki yuvib ketadi. Olimlar BP16TPB deb nomlangan yangi yelimga dimetilsulfoksid qo‘shishdi. Aynan shu modda tufayli suv bilan to‘qnashganda yelim zich tuzilishga ega bo‘ladi.

Keramika, epoksid smola va plastikda o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, vosita suv ostida bor-yo‘g‘i 10 sekunddan so‘ng yuqori yopishish xususiyatini namoyon etdi. Bundan tashqari, u suv ostida 2 kilogramm og‘irlikni uch yildan ortiq vaqt davomida ushlab turishga erishdi.

Olimlarning ta'kidlashicha, ushbu yangi olingan moddadan suv osti inshootlarida ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini olib borishda unumli foydalanish mumkin.