Peruning janubidagi Puno mintaqasiga qarashli Konima shahrida hokimlik saylovida teng ovoz to‘plagan ikki nomzoddan qaysi biri g‘olib bo‘lishi tanga tashlash orqali aniqlandi. Bu haqda mahalliy RPP radiostansiyasi xabar berdi.

Saylovda «Somos Peru» partiyasidan Ruben Kispe Kapaxanya va «Mamlakat hammaga tegishli» partiyasi vakili Salomino Mamani 671 tadan ovoz oldi. Shu tariqa, nomzodlar o‘rtasida durang natija qayd etildi.

G‘olibni aniqlash uchun tanga tashlash usulidan foydalanildi. Natijada Ruben Kispe Kapaxanya g‘olib deb e’lon qilindi va Konima shahri hokimi etib saylandi.