Qirg‘izistonda 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ariza topshirgan nomzodlar soni yetti nafarga yetdi. Eng so‘nggi bo‘lib mamlakat Markaziy saylov komissiyasiga parlamentning sobiq deputati Baktybek Kalmamatov murojaat qildi.
Markaziy saylov komissiyasi vakilining ma’lum qilishicha, Baktybek Kalmamatovning prezidentlikka nomzodini ilgari surish haqidagi arizasi qabul qilingan.
Avvalroq saylovda qatnashish niyatini bildirganlar orasida mamlakatning amaldagi prezidenti Sadyr Japarov, Rossiya–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi boshqaruv kengashining sobiq a’zosi Aymen Kasenov, Chuy viloyatidagi tumanlardan birining sobiq rahbari Azamat Esenbekov, Qirg‘iziston moliyaviy politsiyasining sobiq boshlig‘i Siyymyk Japykeyev, tadbirkor Akay Kydyrov hamda qirg‘iz kommunistlari yetakchisi Ishak Masaliyev bor.
Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlarini 2027-yil 27-yanvarda o‘tkazish rejalashtirilgan. Nomzodlarni ko‘rsatish muddati 13-noyabr kuni yakunlanadi. Shundan so‘ng nomzodlarni rasman ro‘yxatga olish bosqichi boshlanadi.
Saylovda ishtirok etish uchun nomzodlar saylovchilarning kamida 30 ming nafarining qo‘llab-quvvatlovchi imzosini to‘plashi va 1 million qirg‘iz somi miqdorida saylov garovini to‘lashi kerak. Amaldagi valyuta kursi bo‘yicha bu mablag‘ taxminan 11,4 ming AQSh dollariga teng.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.