
Ispaniyaning La Liga chempionatida ishtirok etayotgan Madridning “Real” jamoasi g‘alabali yurishini davom ettirmoqda. “Qirollik klubi” bu safar ham raqibiga hech qanday imkon qoldirmay, kuchli o‘yin ko‘rsatdi.
Musobaqaning 6-turida “Real Madrid” safarda “Levante”ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning birinchi bo‘limida jamoaning braziliyalik hujumchisi Vinisius 28-daqiqada, yangi transfer Franko Mastantuono esa 38-daqiqada gol urdi.
Tanaffusdan so‘ng esa “Real”ning fransiyalik yulduzi Kilian Mbappe atigi ikki daqiqa ichida ikkita gol kiritdi. Uning 64- va 66-daqiqalarda kiritgan gollari o‘yinning taqdirini hal qildi.
Ushbu mavsumda Mbappening hisobida allaqachon 7 ta gol va 1 ta golli uzatma mavjud. Hozirda u La Liganing eng samarali futbolchisi bo‘lib turibdi.
Shu tariqa, Xabi Alonsoning shogirdlari 6 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, 18 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilikni saqlab qolmoqda. Jamoaning navbatdagi — 7-tur o‘yini 27-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin “Atletiko Madrid” bilan derbi bo‘lib, muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Barselona” esa 5 ta o‘yinda 4 ta g‘alaba qozonib, 1 ta durang o‘ynagan. Kataloniya klubining yana 1 ta zaxira (o‘tkazilmagan) o‘yini mavjud.