Braziliyaning mashhur futbolchisi, «Oltin to‘p» egasi Ronaldinyo 46 yoshida professional futbolga qaytdi. Sobiq jahon yulduzi Italiya uchinchi divizionida to‘p suradigan «Ravenna» klubining yangi futbolchisi sifatida tanishtirildi.
Ronaldinyoning tanishtiruv marosimi Italiyaning Ravenna shahrida bo‘lib o‘tdi. U yangi jamoasining sport libosida maydonga chiqdi. Futbolchining ko‘ylagida uning nomi va o‘zi bilan yillar davomida bog‘lanib kelgan 10-raqam joylashtirildi.
«Do‘stlarim bilan shu yerda ekanligimizdan behad xursandman. Bizning yaxshi ishlarni qila oladigan jamoamiz bor», dedi Ronaldinyo tanishtiruv marosimida.
Braziliyalik futbolchi yangi klubidagi o‘yinlarda qatnashish-qatnashmasligini hali bilmasligini, bu qaror murabbiyga bog‘liqligini ta'kidladi. Shuningdek, u Italiya futboliga qaytish o‘zi uchun yoqimli holat ekanini aytib, jamoasiga g‘alaba qozonishda yordam berishni istashini bildirdi.
Ronaldinyo jismoniy holati yaxshiligini ham aytdi. U faoliyatidagi 300-golini urish o‘zi uchun alohida esda qolarli voqea bo‘lishini qayd etdi.
Ronaldinyo «Ravenna» bilan shartnomani joriy yilning iyun oyida imzolagan edi. Sobiq braziliyalik yulduz yangi klubining nafaqat futbolchisi, balki uning investorlaridan biri hamdir.
Futbolchilik faoliyatini 2015-yilda Braziliyaning «Fluminense» klubida yakunlagan Ronaldinyo jahon futbolining eng mashhur o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. U Ispaniyaning «Barselona» klubi safida ikki bor mamlakat chempioni bo‘lib, Chempionlar ligasi kubogini ham qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Fransiyaning «Pari Sen-Jermen», Italiyaning «Milan», Braziliyaning «Flamengo», «Atletiko Mineyro» va «Gremio» kabi klublarida to‘p surgan.
Milliy terma jamoa miqyosida ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan Ronaldinyo 2002-yilda jahon chempioni, 1999-yilda Amerika kubogi g‘olibi bo‘lgan. U 2008-yilgi Olimpiya o‘yinlarida Braziliya terma jamoasi bilan bronza medalini qo‘lga kiritgan.
2005-yilda esa Ronaldinyo France Football jurnali talqiniga ko‘ra dunyoning eng yaxshi futbolchisiga topshiriladigan nufuzli «Oltin to‘p» mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda «Ravenna» Italiya futbol chempionatining uchinchi divizionida ishtirok etmoqda. Ronaldinyoning professional futbolga qaytishi nafaqat Italiyada, balki butun dunyo futbol jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.