
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu Osiyo Chempionlar Ligasi AFK-2 1/8 final bosqichida Turkmanistonning «Arkadag» jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi mashg‘ulotida qatnashdi.
Bu haqda klub matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi. Nashrda jamoa turkman klubiga qarshi bo‘ladigan uchrashuvga to‘liq e’tibor qaratayotgani qayd etilgan:
“Eyes on the next challenge: #Nassr_Arkadag” («E’tiborimiz navbatdagi uchrashuvda — “An-Nasr” — “Arkadag”»), — deyiladi klubning ijtimoiy tarmoqlardagi xabarida.
Shuni ta’kidlash joizki, Ronaldu Saudiya Arabistoni chempionatining ikki uchrashuvini o‘tkazib yuborganidan so‘ng mashg‘ulotlarga qaytdi.
«An-Nasr» va «Arkadag» jamoalari o‘rtasidagi ilk uchrashuv 11-fevral kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tadi. Javob bahsi esa kelasi haftaga rejalashtirilgan bo‘lib, u Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladi.
Keywords