Xitoylik mutaxassislar tomonidan mamlakatning o‘zida ishlab chiqilgan CE-25A rusumli elektr yo‘lovchi samolyoti ekipaj bilan ilk sinov parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. 10 tonnalik vazn toifasiga kiruvchi samolyotning parvozi mamlakat sharqidagi Shandun provinsiyasida bo‘lib o‘tdi.

«Sinxua» agentligining xabar berishicha, parvoz vaqtida samolyot bortida ikki nafar uchuvchi va sinov muhandisi bo‘lgan. Sinov davomida barcha tizimlar me’yorida ishlagan, qayd etilgan ko‘rsatkichlar esa oldindan kutilgan natijalarga mos kelgan.

Mazkur sinov samolyotni ishlab chiqish dasturidagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. Bungacha, 2-fevral kuni CE-25A sun’iy intellektga asoslangan aqlli boshqaruv tizimi yordamida ilk bor ekipajsiz parvozni amalga oshirgan edi.

CE-25A — COMAC kompaniyasining mintaqaviy qatnovlar uchun mo‘ljallangan ilk elektr tijorat samolyotidir. U 19 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, maksimal uchish og‘irligi 10 tonnani tashkil etadi. Samolyotning kruiz tezligi soatiga 300 kilometrga, parvoz balandligi 2 400 metrga, uchish masofasi esa 400 kilometrga yetadi.

Samolyot COMAC, Xitoyning Raketa tashuvchi qurilmalar texnologiyasi akademiyasi (CALT) hamda Shanxay transport universiteti tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hozirgacha CE-25A ekipajsiz avtonom rejimda 19 ta sinov parvozini muvaffaqiyatli bajargan.

Xitoy Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi samolyot turini sertifikatlash bo‘yicha arizani qabul qildi.